Taekvondo ITF: “Yunusobod” sport majmuasida Oʻzbekiston chempionlari aniqlandi 5-6 mart 2022 y

Xabar berganimizdek, 5-6-mart kunlari Toshkentdagi “Yunusobod” sport majmuasida taekvondo ITF boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida 2022-yilgi Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.

Chempionatda ishtirokchilar taekvondo ITFning shaxsiy massogi, jamoaviy massogi va shaxsiy tul yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro bahslashdi. Sportni rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston taekvondo ITF milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan mazkur musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 1 500 nafardan ortiq sportchi gʻoliblik uchun kurash olib borishdi.

Musobaqada terma jamoa aʼzolari yana bir marotaba koʻrikdan oʻtkazilib, shu yil 1-5-iyun kunlari Italiyaning Sardiniya orolida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Jahon chempionati uchun eng munosib sportchilar saralab olindi.

Chempionatning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etilib, unda Milliy gvardiya askarlari tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlar yigʻilganlarda iliq taassurot qoldirdi. Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Shaxrullo Mahmudov hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimovlar ishtirok etishdi.

Oʻz navbatida tadbir doirasida Oʻzbekiston taekvondo ITF milliy assotsiatsiyasi rahbariyati L.S.Xasanov tomonidan yurtimizda ushbu sport turini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh insonlar munosib ragʻbatlantirildi.

Ikki kun davom etgan qizgʻin va murosasiz bahslar yakuniga koʻra umumjamoa hisobida 1-oʻrin Toshkent viloyati jamoasiga nasib etdi. Toshkent shahri vakillari esa 2-oʻringa sazovor boʻldi. Keyingi oʻrinlardan Buxoro hamda Sirdaryo viloyati yosh taekvondochilari joy olishdi.

Eslatib oʻtamiz, 10-15-may kunlari milliy terma jamoa aʼzolari AQSHning Nyu-York shahrida boʻlib oʻtadigan xalqaro musobaqada toʻliq tarkib bilan ishtirok etishadi.